Sherali Joʻrayev (tavallud paytidagi ismi sharifi — Shermat Joʻrayev, 1947-yil 12-aprel, Asaka tumani, Andijon, Oʻzbekiston SSR, SSSR – 2023-yil 4-sentyabr, Toshkent, Oʻzbekiston) – taniqli oʻzbek xonandasi, bastakori, shoiri va aktyori. 1987-yil O‘zbekiston SSR xalq artisti unvoni, 2018-yilda esa Tojikiston xalq artisti unvoni berilgan. 1991-yil unga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berilgan. 2022-yilning 12-aprelida Prezident farmoniga binoan oʻzining 75 yillik yubileyida Joʻrayev „El-yurt hurmati“ ordeni bilan ham taqdirlangan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Joʻrayevning qoʻshiqlarni oʻzbeklar orasida yaxshi tanilgan.
Sherali Joʻrayev | |
|---|---|
![]() | |
| Tavalludi | Shermuhammad (Shermat) Joʻrayev 12-aprel 1947-yil Lenin rayoni, Andijon, Oʻzbekiston SSR, SSSR |
| Vafoti | 4-sentyabr 2023-yil (76 yoshda) Toshkent, Oʻzbekiston |
| Janrlar | Oʻzbek milliy musiqasi |
| Kasbi | Qoʻshiqchi, musiqachi, bastakor, aktyor |
| Faoliyat yillari | 1972–2023 |
| Fuqaroligi | |
| Turmush oʻrtogʻi | Zulhumor Qodirova, Gulnora Joʻrayeva |
| Millati | Oʻzbek |
| Bolalari | Botir Sheraliyevich Qodirov. Shohjahon Sherali qizi Joʻrayeva, Zohirshoh Sherali qizi Joʻrayeva va yana bir nechta qizlari bor (ammo ular haqida maʼlumot yoʻq) |
| Mukofotlari | |
Hayoti
Sherali Joʻrayev 1947-yil 12-aprelda Andijon viloyatining Lenin rayonida (hozirgi asaka Asaka shahrida) tugʻilgan. Uning qaysi kunda tugʻilgani nomaʼlum. Qoʻshiqchi 12-aprelni ramziy ravishda oʻz tugʻilgan kuni qilib tanlagan. U Kaabaning ichiga kirgan sanoqli insonlardan bo’lib shu kuni kirgani uchun o’z tug’ilgan kuni deb nishonlagan.
1990-yillar O’zbekiston Birinchi Prezidenti I.Karimov bilan Makka shahriga Delegatsiya bilan tashrifida sodir bo’lgan.
Joʻrayev 1972-yil Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. 1976-yil Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini yakunlagan.
2023-yilning 4-sentyabrida uzoq davom etgan xastalik tufayli vafot etgan.
Ijodi
Joʻrayev oʻzbek davlat estradasi (1972–1973), „Shodlik“ ashula va raqs ansambli (1972–1979), Andijon viloyati filarmoniyasi (1979–1986), Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1986–1996), „Oʻzbeknavo“ birlashmasi (1999-yildan)da yakkaxon xonanda boʻlgan.
Joʻrayev tabiatan shirali ovozga ega boʻlgan. Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan. Uning ijrosidagi qoʻshiqlar xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardliligi bilan ajralib turadi. Joʻrayev repertuari koʻp qirrali va rang-barang boʻlib, qoʻshiqlari asosini Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jomiy va boshqalar) va zamonaviy (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqalar) shoirlarning sheʼrlari tashkil etadi. 2008-yil Joʻrayev uyida Rumiyxonlik kechalarini uyushtirgan.
Joʻrayev oʻzining uzoq yillik ijodi davomida yuzlab qoʻshiq yozib, ijro etgan. Uning eng mashhur ashulalari orasida „Bahor ayyomi“ (Bobur sheʼri), „Birinchi muhabbatim“ (Abdulla Oripov sheʼri), „Inson qasidasi“ (Erkin Vohidov sheʼri), „Karvon“, „Meni kutgil“ (Konstantin Simonov sheʼri), „Oshiqlar sardori“ (Rasul Hamzatov sheʼri), „Oʻzbegim“ (Erkin Vohidov sheʼri), „Oʻxshamas“ (Alisher Navoiy gʻazali) qoʻshiqlari bor.
Joʻrayevning „Oʻzbegim“ qoʻshigʻi World Music Network britan leybli 2005-yil chiqargan „Oʻrta Osiyo musiqasi boʻyicha umumiy qoʻllanma“ (inglizcha: Rough Guide to the Music of Central Asia) albomiga kiritilgan. 2004-yil 23-aprelda Britaniya qirolichasi Elizabeth IIning 78 yoshga toʻlish munosabati bilan Britaniya elchisi Craig Murray mingdan oshiq mehmonni elchixonaga chaqirgan. Toshkentdagi tadbirga Sherali Joʻrayev, Sevara Nazarxon va Vladimir Neimer dirijorlik qilgan orkestr chaqirilgan. Oʻsha paytda yana Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Battlefield Band shotland guruhining Oʻzbekiston boʻylab turini uyushtirgan. Bu guruh bilan Joʻrayev ham birga qoʻshiq kuylagan.
Joʻrayev aksar qoʻshiqlari kuyini oʻzi bastalagan (jumladan, „Birinchi muhabbatim“, „Oʻzbegim“, „Karvon“, „Achchiq haqiqat“, „Yaralgan“, „Oshiqlar sardori“, „Inson qasidasi“, „Oshiq boʻling“ va boshqalar). Baʼzi qoʻshiqlarining matnini ham oʻzi yozgan. Bular orasida „Bobo Dehqon“, „Zamon“, „Qarashlarga“, „Ona Turkiston“, „Sohibqiron“, „Doʻst boʻlsang, yonimda tur“, „Qayon ketmoqdasiz?“ ashulalari bor.
1992-yilda Oʻzteleradiokompaniyasi Joʻrayev ijodiga bagʻishlangan „Bir ulugʻ el bor jahonda“ film-esse yaratgan. Qoʻshiqchi Yevropa, Osiyo mamlakatlarida gastrolda boʻlgan.
Joʻrayev 1990-yildan 1995-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi aʼzosi boʻlgan. U „Sherali va Oybarchin“ filmiga ssenariy yozgan va filmda bosh rolni oʻynagan. 1998-yil „Bola yerning sultoni“ (ruscha: Ребенок — султан Земли) deb nomlanuvchi kitob yozgan.
Joʻrayev eng taniqli oʻzbek qoʻshiqchilaridan biri boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston hukumati 2002–2016-yillarda uning ijodini barcha oʻzbek telekanallarida namoyish qilishni man etib, qoʻshiqchining katta sahnaga chiqishiga yoʻl qoʻymay kelgan. Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimovga Joʻrayevning tanqidiy qoʻshiqlari maʼqul kelmagan, degan fikr keng tarqalgan. Qoʻshiqchining oʻzi esa bu haqida ochiqcha gapirishni istamagan. Ijodi man qilingan davrda Joʻrayev boshqa mamlakatlarda va toʻy-marosimlarda qoʻshiq kuylab turgan. 2016-yil Karimov vafotidan soʻng unga qoʻyilgan norasmiy taqiq olib tashlangani haqidagi xabarlar ortidan 2017-yildan boshlab Joʻrayev televideniye va sahnalarda koʻrinish bera boshlagan.
2021-yilda xastalikka uchrash sababli yana sanʼatdan vaqtinchalik ketgan.

Sherali Joʻrayev nafaqat qoʻshiqlar uchun kuy bastalagan, balki sheʼrlar ham yozgan. 2023-yilda uning „Bir qoʻshiq kuylayki…“ nomli sheʼriy toʻplami nashr etilgan. Kitobga uning qalamiga mansub sheʼr va gʻazallar, shuningdek, „Ishq“ dostoni kiritilgan. Shu yilning 4-may kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ushbu kitobning taqdimoti boʻlib oʻtgan. Oʻsha kuni Joʻrayevga uyushma raisi Sirojiddin Sayyid tomonidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzolik guvohnomasi topshirilgan.
Vafoti
2023-yil 4-sentyabr kuni kechasi Sherali Joʻrayev vafot etgani haqidagi xabarlar dastlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Xabarning rost ekanligi bir necha rasmiy saytlar tomonidan oʻsha kuniyoq tasdiqlangan. 2023-yil 5-sentyabr kuni marhum Sherali Joʻrayevning janozasi Koʻkcha masjidida peshin namozidan soʻng oʻqilishi maʼlum qilingan. Marhumning vafoti munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz hamdardligini bildirgan.
Diskografiyasi
- Albomlari
- „Uzbekskiye narodniye pesni“ (1971)
- „Yor-yor“ (1980)
- „Oq qayin“ (1982)
- „Karvon“ (1986)
- „Kuy sehri“ (1987)
| Yil | Nomi | Shoir | Bastakor |
|---|---|---|---|
| Keldi bahor (Chin yor qani?) | Nizomiy Ganjaviy | ||
| Ayo, soqiy | Hofiz Sheroziy | ||
| Istangiz | Alisher Navoiy | ||
| Oshiq oʻldum | Alisher Navoiy |
Filmografiyasi
- Aktyor sifatida
| Yil | Film | Rol |
|---|---|---|
| 1989 | Sherali va Oybarchin | Sherali |
- Ssenariy muallifi sifatida
| Yil | Film |
|---|---|
| 1989 | Sherali va Oybarchin |
Yana qarang
Adabiyotlar
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Sh-harfi (Wayback Machine saytida 2019-10-11 sanasida ). Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
