Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Ensiklopediyadan olingan quyida maʼlumot bilan tanishib chiqing. Zulqarnayn (arab. „ikki shoxli“) – musulmonlar orasida tarqalgan qadimiy rivoyatlarga koʻra, du

Saddi Iskandariy

Saddi Iskandariy – Alisher Navoiy „Xamsa“sining yakuniy dostoni.

„Xamsa“: „Saddi Iskandariy“ dostoni

Ensiklopediyadan olingan quyida maʼlumot bilan tanishib chiqing. Zulqarnayn (arab. „ikki shoxli“) – musulmonlar orasida tarqalgan qadimiy rivoyatlarga koʻra, dunyoning Chin(Xitoy)ga qadar yerlarini zabt etib, u yerda yaʼjuj va maʼjuj yoʻliga ulkan toʻsiq qurgan podshoh. Ayni vaqtda ham Sharq, ham Gʻarb hukmdori ekani yoki tojining ikki cheti shoxsimon boʻlganidan shunday atalgan, deb taxmin qilinadi. Qurʼoni karimda Zulqarnaynning yer yuzida haqni qaror toptirish uchun qilgan saʼy-harakatlari bayon etilgan (18:83–102). Baʼzi islom tadqiqotchilari Qur’oni Karimda zikr qilingan Zulqarnaynni Makedoniyalik Aleksandrning oʻzi deb va baʼzilari Ibrohim alayhissalomdan ilgari ya shab oʻtgan butunlay boshqa bir shaxs deb talqin etishadi.

"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi"dan

Dostonning qisqacha mazmuni

Dostonning asosiy qismi voqealari iskandarning tugʻilishidan boshlanadi. Rum mamlakatining shohi faylaqus tangridan farzand soʻraydi. Bir kuni ovdan qaytar ekan, shaharga kiraverishdagi vayronada yangi tugʻilgan chaqaloq va oʻlik onani uchratadi. Shoh onani dafn ettirib, chaqaloqni oʻziga farzand qilib oladi va unga iskandar deb nom beradi. Shoh iskandarning taʼlim-tarbiyasiga katta eʼtibor qaratadi va arastuning otasi naqumojisni unga ustod qilib tayinlaydi. Iskandar toj-taxt va boylikka emas, balki ilm-fan va oliyjanob fazilatlarga muhabbat ruhida ulgʻayadi. 
Faylaqus vafot etgach, valiahd sifatida taxtni iskandar egallashi kerak edi, lekin u taxtga chiqishga oshiqmaydi. Xalq uning shoh boʻlishini qattiq talab qilib turib olgandan keyingina arastu unga toj kiydiradi. Iskandar xalq oldiga shart qoʻyib, kimning arz-dodi boʻlsa, shohni oʻzi bilan teng koʻrib, ahvolini aytishini soʻraydi. 

Iskandar taxtga oʻtirgach, adolat bilan mamlakatni boshqara boshlaydi. Xalqni ikki yillik xirojdan ozod etadi, adolat mezoni asosida koʻplab mamlakatlarni egallaydi, hukmdorlar unga xiroj toʻlashga rozi boʻlishadi. Eron shohi Doro esa bunga rozi boʻlmaydi va xiroj mojarosi bu ikki shoh oʻrtasida ixtilofning paydo boʻlishiga olib keladi. Urush boshlanadi. Doroning noiblari xiyonat qiladilar va Doro yarador holda Iskandar qoʻliga asir tushadi. Oʻlimi oldidan xiyonatkorlarni jazolash, uning qarindosh urugʻlariga ozor bermaslik va qizi Ravshanakka uylanishni Iskandarga vasiyat qiladi. Iskandar Doroning barcha vasiyatlarini ortigʻi bilan ado etadi, Doroni izzat-ikrom bilan dafn qiladi. Iskandar Eronni egallagach, jahonni fath etishga kirishadi.

Doro o‘rnini egallagan jahon podshosi sifatida koʻplab oʻlka podsholariga xat yozib, mamlakatda adolat va osoyishtalik oʻrnatmoqchi ekanini va shunga mos holda oʻz ixtiyorlari bilan unga taslim boʻlishlarini soʻraydi. Aksariyat podsholar unga boʻyin egib keladilar. Faqat Kashmir, Hind va Chin xoqonlarigina unga boʻysunishni istamaydi. 
Iskandar ustozi Arastu maslahati bilan jahongirlik yurishlarini boshlaydi. Dastlab Balx, Moxon, Marv, Zobul, Isfahon shaharlarini oldingidan ham obod va maʼmur etib, Xurosonda Hirot, Movarounnahrda esa Samarqand shaharlarini bunyod etadi. Soʻng Kashmirga Malluga qarshi qoʻshin tortadi. 

Iskandar sehrgarlari bilan mashhur boʻlgan Kashmir shahrini tilsimlangan holda topib, tilsimni hikmat ahli yordamida juda osonlik bilan yechadi. Mallu bu ahvolni koʻrib, mamlakatni tashlab qochadi. Iskandar Kashmir ahliga omonlik berib, bir muddat bu yerda yashaydi. Mallu ibn Mabok magʻlub va yarador holda Iskandar oldiga taslim boʻlib keladi hamda undan kechirim soʻraydi. Iskandar uning uzrini qabul qiladi. Koʻp oʻtmay, Mallu vafot etadi. Iskandar uning vasiyatiga binoan qizi Mehrnozga uylanadi, oʻgʻli Feruzni Kashmirga podsho qiladi. Tez orada Hind va Chin xoqonlari ham Iskandarning shaʼn-u shavkatiga tan berib, unga jangsiz taslim boʻladilar. Iskandar Magʻrib diyorini fath etib, oʻz vatani – Rum tomonga ot surganda, yoʻlda Qirvon diyori ahli unga yaʼjuj va maʼjuj zulmidan panoh istab murojaat qiladilar. Iskandar bu yerda olti oy davomida ikki togʻ orasida mashhur Saddi Iskandariyni bunyod etib, yaʼjuj va maʼjuj balosini daf qiladi

Iskandar yer yuzini egallagach, dengiz sirlarini ham bilish uchun uzoq safarga chiqadi. Shishadan sandiq yasab, ummon tubiga tushadi va koʻplab ajoyibotlarni koʻradi. Ammo safardan qaytishda xastalanadi va tutingan onasi Bonuga oʻgʻillikni oʻrniga qoʻya olmaganidan uzr soʻrab, maktub yozadi. Mazkur maktub butun dunyoni zabt etsa-da, oxir-oqibat u dunyoga hech bir narsasiz, ochiq qoʻl bilan ketayotgan, bu olamga shoh boʻlgandan koʻra onadek buyuk zotga qullik qilish sharafi yuksakroq ekanini anglagan ulugʻ jahongirning iqrornomasi edi. Yetti faylasuf hakim – Afl otun, Suqrot, Balinos, Buqrot, Hurmus, Farfi nyus va Arastu Iskandarning onasiga taʼziya bildirgani keladilar. 

Shuhrat Sirojiddinov, Dilnavoz Yusupova va Olimjon Davlatovning „Navoiyshunoslik“ darsligidan

Yuqori