Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

2000-yildan 2019-yilgacha Oʻzbekiston futbol ligasi tizimida va 2003-yildan 2019-yilgacha xalqaro miqyosda ishlagan➤.

Ravshan Ermatov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(dan yoʻnaltirildi)

Vikipediyada ismi Ravshan va familiyasi Irmatov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
Ravshan Sayfiddinovich Irmatov
Равшан Сайфиддинович Ирматов
Tavalludi 1977-yil 9-avgust (1977-08-09) (48 yosh)
 Sovet Ittifoqi SSSR, Toshkent
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Otasi Sayfiddin Irmatov
Mukofotlari Oʻzbekiston iftixori

Ravshan Sayfiddinovich Irmatov — oʻzbekistonlik futbolchi va professional futbol hakami.

2000-yildan 2019-yilgacha Oʻzbekiston futbol ligasi tizimida va 2003-yildan 2019-yilgacha xalqaro miqyosda ishlagan.

Futbol boʻyicha jahon kubogining oʻyinlarini 11 marta boshqargan.

2019-yildan buyon Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari.

Hayoti

Bolaligi va futbol

Ravshan Irmatov 1977-yil 9-avgust kuni Toshkent viloyati Gʻazalkent shahrida tavallud topgan.

7 yoshidan futbol maktabiga borgan, keyinchalik Toshkent viloyatining „Gʻazalkent“ futbol klubida toʻp tepgan. Ogʻir jarohat tufayli futbolchilik faoliyatiga yakun yasagan.

Hakamlik faoliyati

1996-yildan Oʻzbekiston Birinchi ligasi, 2000-yildan Oʻzbekiston Oliy Ligasi oʻyinlarida hakamlik qilgan. 2016-yilgi Qozogʻiston Superkubogi, 2013—2014-yilgi Hindiston Superligasini boshqargan.

2003-yilda FIFA tomonidan xalqaro hakamlikka tayinlangan.

Osiyo chempionlar ligasining 2006—2007-yilgi mavsumida Urawa Reds — Sepahan, 2010—2011-yilgi mavsumida Jeonbuk Hyundai Motors — Al‑Sadd, 2012—2013-yilgi mavsumida Seoul — Guangzhou Evergrande, 2014—2015-yilgi mavsumida Guangzhou Evergrande — Al‑Ahli, 2016—2017-yilgi mavsumda Urawa Reds — Al‑Hilal SFC klublari oʻrtasidagi oʻyinlarni boshqardi.

Kanadada oʻtkazilgan 2007-yilgi U-20 jahon chempionatida Gambiya — Meksika hamda Chili — Kongo oʻyinlarni boshqargan. 2008-yilgi Klublararo jahon chempionatida ishlagan va ushbu musobaqa finalini ham boshqargan. 2012-yilgi Klublar oʻrtasidagi jahon chempionatida Santos — Barcelona oʻyinida ishlagan.

2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasida boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha 2010-yilgi jahon chempionatida Janubiy Afrika Respublikasi va Meksika jamoalari ochilish oʻyinida hakamlik qildi. Butun musobaqa davomida Angliya — Jazoir, Argentina — Gretsiya, chorak finalda Argentina — Olmoniya, yarim finalda Niderlandiya — Urugvay oʻyinlarini boshqardi.

2011-yilgi Osiyo chempionlar ligasi finalini boshqargan.

2012-yilgi Londondagi Olimpiya oʻyinlarida 3 ta oʻyin, shu jumladan 3-oʻrin uchun bahsni boshqargan.

2013-yilgi FIFA Konfederatsiyalar kubogida Italiya — Braziliya oʻyinini boshqargan va xato penalti belgilagan.

2014-yilgi jahon chempionatining 4ta oʻyinida ishlagan.

2018-yilda Ravshan Irmatov Rossiyada boʻlib oʻtgan jahon chempionati guruh bosqichining ikkita oʻyinida ishladi: Argentina — Xorvatiya va Ispaniya — Marokash. Qolgan oʻyinlarda yordamchisi Abduhamidullo Rasulovning jarohati tufayli ishlay olmadi.

Boshqaruvdagi faoliyati

2019-yil 15-iyunda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimi joriy etildi va Ravshan Irmatov ushbu lavozimga tayinlandi.

2020-yil 8-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi va 2022-yil 18-dekabrgacha ushbu lavozimda ishladi.

2023-yilda Irmatov Osiyo Futbol Konfederatsiyasi ijroiya qoʻmitasining markaziy zona vakili etib saylangan.

2021-yil 12-apreldan 2024-yil 24-noyabrgacha Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.

2025-yil 12-oktyabr kuni FIFA Kengashining qaroriga koʻra, 2025–2029-yillar uchun futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari etib saylangan.

Mukofotlari

Ravshan Irmatov 2008, 2009, 2010 va 2011-yillarda „Osiyoning eng yaxshi hakami“ deb baholangan. Bu nominatsiyada ketma-ket toʻrt marotaba gʻolib boʻlgan qitʼadagi yagona futbol hakamidir.

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi tomonidan 2011-yilda jahonning eng yaxshi hakami deb eʼtirof etilgan.

2010-yilda Oʻzbekiston iftixori unvoni berildi.

2014-yil 25-iyunda El-yurt hurmati ordeni bilan taqdirlandi.

2018-yilda Buyuk xizmatlari uchun ordeni berildi.

Guinness rekordlar kitobiga „Jahon chempionatlarini eng koʻp boshqargan hakam“ sifatida kiritilgan.

2025-yil 6-iyunda Fidokorona xizmatlari uchun ordeni bilan taqdirlangan.

Yuqori