- Vikipediyada ismi Qahramon va familiyasi Quronboyev boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
Qahramon Qoʻchqorovich Quronboyev (Қаҳрамон Қўчқорович Қуронбоев, 1970-yil 20-fevralda, Xorazm viloyati, Shovot tumani) – oʻzbekistonlik pedagog va davlat arbobi. 2024-yildan Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi.
| Qahramon Qoʻchqorovich Quronboyev | |
|---|---|
Қаҳрамон Қўчқорович Қуронбоев | |
![]() | |
uyushmasi raisi | |
| Mansab davri 2024-yil 17-yanvardan | |
| Prezident | Shavkat Mirziyoyev |
| Bosh vazir | Abdulla Aripov |
| Oʻtmishdoshi | lavozim taʼsis etilgan |
| Mansab davri 2017-yil 3-iyuldan – 2019-yil 30-avgustgacha | |
| Prezident | Shavkat Mirziyoyev |
| Bosh vazir | Abdulla Aripov |
| Oʻtmishdoshi | lavozim taʼsis etilgan |
| Vorisi | Alisher Saʼdullayev |
| Shaxsiy maʼlumotlari | |
| Tavalludi | 1970-yil 20-fevral Shovot tumani, Xorazm viloyati |
| Fuqaroligi | |
| Millati | oʻzbek |
| Mukofotlari | |
Biografiya
1970-yil 20-fevralda Xorazm viloyati Shovot tumanida tugʻilgan. 1992-yilda Toshkent universitetini, 2004-yilda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Siyosatshunoslik fanlari doktori, professor. 1997—2008-yillarda „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2008—2012-yillarda Oʻzbekiston milliy universitetining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektori.
2012—2013-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori. 2013—2015-yillarda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari boʻlgan. 2015—2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, taʼlim, madaniyat va sport masalalari axborot-tahlil departamentining Yoshlar siyosati va maʼnaviy rivojlanish shoʻbasi mudiri lavozimida faoliyat koʻrsatgan.
2017-yilda qisqa muddat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashkiliy masalalar va kadrlar boʻyicha davlat maslahatchisi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. 2017—2019-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi – Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisi lavozimida ishlagan. 2019-yildan 2023-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.
2023—2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining yoshlar siyosati departamentining rahbari. 2024-yil 16-yanvarda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi etib saylandi. Uning maqomi Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosariga tenglashtirilgan. Shu bilan bir vaqtda yoshlar komissiyasi raisi hisoblanadi.
Tanqidlar
2018-yil 5-iyun kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda yoshlar ittifoq raisi Qahramon Quronboyev toʻydagi kelin bilan kuyovni avtomobildan tushirib, taksiga oʻtqazib, joʻnatib yuborganini va qolgan mashinalarni esa orqaga qaytarganini aytgan. Bu harakatlarini „yoshlarni tarbiyalash kerakligi“ bilan izohlagan.
2024-yil 14-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev mahalla faollari oʻz hududida har kuni ertalab madhiya kuylashi kerakligi, kechqurun esa uning oʻziga shaxsan kunlik hisobot topshirishlari lozimligini aytgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu topshiriqlar mehnat qonunchiligiga zid ekani aytilgan.
Oilasi
Akasi – Oʻktamboy Qoʻchqorovich Quronboyev, 2020-yil mart oyidan 2023-yilning yanvarigacha Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi boʻlgan.
Mukofotlari
2021-yilda Mehnat shuhrati ordeni bilan mukofotlangan.
2024-yil 24-avgustda Doʻstlik ordeni bilan mukofotlangan.


