Patologik fiziologiya — kasal organizm (odam va hayvon) ning hayot faoliyati, undagi funksional oʻzgarishlar, kasallikning paydo boʻlishi, avj olishi, kechishi va oqibati qonuniyatlarini oʻrganadigan fan. Patologik fiziologiya normal fiziologiya, patologik anatomiya, xususiy patologiya bilan chambarchas bogʻlangan. Patologik fiziologiya umumiy va xususiy boʻlimlardan iborat.
Umumiy qismda kasallik biologik qonuniyat, bir butun organizmning reaksiyasi sifatida oʻrganiladi. Kasallik negizi, rivojlanishi, kechish davrlari va oqibatlari, sogʻayish, oʻlim tasnifi kabi masalalarni oʻrganish ham shu qismga kiradi. Bunda organizmning reaktivligi, neyrogen, gumoral, endokrin va boshqa omillar roli, umumiy va mahalliy oʻzgarishlarning oʻzaro munosabati, patologik jarayon u yoki bu toʻqima va sistemalarda roʻy bergandagi xususiyatlar, jarayonning organizmga tarqalish yoʻllari aniqlanadi. Yalligʻlanish, isitma, qon aylanishining mahalliy buzilishi, gipoksiya, moddalar almashinuvining izdan chiqishi kabi patologik jarayonlar oʻrganiladi. Funksiyalar buzilganda moslanish (adaptatsiya) va ularning tiklanish mexanizmlari tekshiriladi. Patologik jarayonlarni davolab bartaraf etish yoʻllari (eksperimental terapiya) ishlab chiqiladi.
Xususiy qismda turli aʼzo va sistemalar (yurak, jigar, nerv sistemasi, ichki sekretsiya bezlari va boshqalar) funksiyasining buzilish sabablari, rivojlanishi, kechishi va oqibatining umumiy qonuniyatlari oʻrganiladi. Bunda ayrim kasalliklarning mexanizmlarini oʻrganish uchun eksperiment sharoitida ularning andoza (model) lari yaratilib tekshiriladi.
Patologik fiziologiyada turli usullar, asosan, patofiziologik eksperiment usulidan foydalaniladi: hayvonlarda turli kasalliklar paydo qilinib, ularning sabablari, rivojlanishi va hokazo oʻrganiladi. Shu boisdan patologik fiziologiya eksperimental fan hisoblansada, asosiy vazifasi klinikaga yordam berish boʻlgani uchun bevosita bemorlarni tekshiradi.
I. M. Sechenov, I. P. Pavlov, I. Ye. Dyad-kovskiy, A. A. Bogomolets kabi rus olimlari, fransuz olimi K. Bernar va boshqa patologik fiziologiyaning rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan.
Oʻzbekistonda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari — Toshkent tibbiyot akademiyasi, SamTI, Andijon tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot pediatriya intida Patologik fiziologiya kafedralari, ayrim tibbiyot ilmiy tadqiqot institutlari (mas, Oʻzbekiston gematologiya va qon quyish instituti, Oʻzbekiston teri-tanosil kasalliklari instituti va hokazo) da patologik fiziologiya laboratoriyalari mavjud. Oʻzbekistonda Patologik fiziologiya fanining shakllanishi va rivojlanishi professor V. V. Vasilevskiy, M. N. Xanin, X. R. Far-hodiy, N. H. Abdullayev, M. M. Haqber-diyev, 3. N. Karimov, H. Yo. Karimov, Yu. O. Otabekov va boshqa nomi bilan bogʻliq.
70-yillardan boshlab jigar va boshqa ichki aʼzolar shikastlanishida mikrosirkulyasiya, funksional va metabolik oʻzgarishlar mexanizmi hujayra va hujayra tuzilmalari (monooksigenezlar) darajasida oʻrganilmoqda. Patogenetik davolanishning yangi yoʻllarini tajribada asoslash va ularni amaliyotga joriy etish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Ilmiy ishlarni Oʻzbekistonda Sogʻliqni saqlash vazirligi ilmiy tibbiyot kengashi qoshidagi umumiy patologiya muammolari komissiyasi muvofiqlashtirib turadi.
Adabiyot
- Alpern D. Ye., Patologik fiziologiya, T., 1956; Rukovodstvo po patologicheskoy fiziologii, t. 1—4, M., 1966; Patologicheskaya fiziologiya, M., 1973; Abdullayev N. H., Karimov H. G., Patologik fiziologiya, T., 1998.
- Tibbiyot
- Tibbiyotga oid fanlar
- Tibbiyotga oid chala maqolalar