| Nosir ad-Davla | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| Amir ul-umaro (942–943) Mosul amiri | |||||
![]() 943/944-yilda Bag‘dodda Nosir ad-Davla va Sayf ad-Davla nomidan zarb qilingan oltin dinor. | |||||
| Saltanat | 935–967 | ||||
| Davomchisi | Abu Tagʻlib | ||||
| Farzandlari | Abu Tagʻlib, Abu al-Favoris, Abu al-Qosim, Abu Abdulloh al-Husayn, Abu Tohir Ibrohim | ||||
| |||||
| Sulola | Hamdoniylar | ||||
| Otasi | Abdulloh ibn Hamdon | ||||
| Dini | Islom | ||||
Abu Muhammad al-Hasan ibn Abu al-Hayja Abdulloh ibn Hamdon at-Tagʻlibiy (arabcha: أبو محمد الحسن بن أبي الهيجاء عبد الله بن حمدان التغلبي) (968 yoki 969-yilda vafot etgan), asosan, Nosir ad-Davla (ناصر الدولة – soʻzma-soʻz tarjimasi — „Abbosiylar sulolasi himoyachisi“) nomi bilan mashhur, Mosul amirligining Hamdoniylar sulolasidan boʻlgan ikkinchi hukmdori. Hukmronlik davrida Jaziraning katta qismini nazorat qilgan.
Hamdoniylar sulolasining eng yirik aʼzosi sifatida Hasan otasi Abdulloh ibn Hamdondan Mosul atrofidagi siyosiy tayanch hududlarni meros qilib oldi va bu hududlarni amakilarining daʼvolariga qaramay saqlab qola oldi. U Abbosiylar xalifaligi saroy fitnalarida faol ishtirok eta boshladi va 942–943-yillar oraligʻida ukasi Ali (Sayf ad-Davla nomi bilan mashhur) yordamida oʻzini amir ul-umaro yaʼni xalifa nomidan amalda hukmronlik qiluvchi noib sifatida tanitishga erishdi. Biroq turk qoʻshinlari uni Bagʻdoddan siqib chiqardi. 945-yilda uning Bagʻdod hamda Quyi Iroqni egallab olgan Buvayhiylarga qarshi urinishlari ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Buvayhiylar poytaxt Mosulni ikki marta egallab olishgan boʻlsa-da, mahalliy qarshilik sabab u yerda uzoq qololmadilar. Bu muvaffaqiyatsizliklar tufayli Nosir ad-Davlaning nufuzi va siyosiy mavqei keskin pasaydi. Ukasi Ali (Sayf ad-Davla) Halab va Shimoliy Bilod ash-Shomda oʻz hukmronligini mustahkamlagani bois unga nisbatan koʻproq obroʻ qozondi. 964-yildan keyin Nosir ad-Davlaning toʻngʻich oʻgʻli Abu Tag‘lib otasining mulklarida amalda hokimlikni oʻz qoʻliga oldi. 967-yilda esa Nosir ad-Davla taxtdan agʻdarildi va qamoqqa tashlandi. Oradan bir yoki ikki yil oʻtib, asirlikda vafot etdi.
Hayoti
Kelib chiqishi va oilasi

Nosir ad-Davlaning asl ismi al-Hasan ibn Abdulloh boʻlib, Abu al-Hayja Abdulloh ibn Hamdonning (929-yilda vafot etgan) toʻngʻich oʻgʻli edi. Uning bobosi Hamdon ibn Hamdun ibn al-Horis Hamdoniylar sulolasiga oʻz nomini bergan, kurd ayolidan dunyoga kelgan. Hamdoniylar Jazira (Yuqori Mesopotamiya) hududida islomdan avvalgi davrlardan beri yashab kelgan arab qabilasi Banu Tagʻlibning bir tarmogʻi edi. Tagʻlib qabilasi Mosul va uning atrofidagi hududlarga uzoq vaqt davomida hukmronlik qilgan, biroq IX asr oxirlariga kelib, Abbosiylar bu mintaqada markaziy nazoratni kuchaytirishga harakat qilgan. Hamdon ibn Hamdun bu siyosatga eng qatʼiy qarshilik koʻrsatgan Tagʻlibiy yetakchilaridan biri boʻlgan. U Abbosiylarga qarshi kurashda Mosul shimolidagi togʻlarda yashovchi kurdlar bilan ittifoq tuzgan, bu esa keyinchalik sulola taqdirida muhim rol oʻynagan. Hamdoniylar oilasi kurdlar bilan quda-andalik aloqalarini oʻrnatgan, kurdlar ham sulola harbiy kuchlarida muhim oʻrin egallagan.
895-yilda Abbosiylar xalifasi al-Mu’tazid (h. 892–902) Hamdon ibn Hamdunning yer-mulklarini egallab oldi va uni uzoq vaqt davomida taʼqib qilgach, Mosul yaqinida taslim boʻlishga majbur qildi. Hamdon hibsga olindi, biroq uning oʻgʻli Husayn ibn Hamdon Ardumusht qal’asini xalifa qoʻshinlariga topshirib, oilaning kelajagini saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. U Tagʻlib qabilalari orasida soliq imtiyozlari evaziga qoʻshin toʻplab, Abbosiylar hokimiyati bilan arab va kurd aholisi oʻrtasida vositachilik qilib, Jazirada kuchli siyosiy taʼsirga ega boʻldi. Aynan shu mahalliy tayanch Hamdoniylar oilasiga X asr boshlarida Bagʻdoddagi markaziy Abbosiylar hukumati bilan doim ham yaxshi boʻlmagan munosabatlar sharoitida omon qolish imkonini berdi. Husayn harbiy sohada katta muvaffaqiyatlarga erishgan, Xorijiylar va Tuluniylarga qarshi janglarda oʻzini koʻrsatgan, biroq 908-yilda Ibn al-Mu’tazzning muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan toʻntarishini qoʻllab-quvvatlagani uchun obroʻsizlantirilgan. Uning ukasi Ibrohim 919-yilda Diyor Rabi’a (Nasibin atrofidagi viloyat) hokimi boʻlib xizmat qilgan. U 920-yilda vafot etgach, bu lavozimni yana bir ukasi Dovud egallagan. Hasanning otasi Abdulloh 905/906–913/914-yillar orasida Mosul amiri sifatida faoliyat yuritgan, ammo Bagʻdoddagi siyosiy vaziyat oʻzgarib turganligi sababli bir necha bor lavozimidan chetlatilgan va qayta ushbu lavozimga tayinlangan. 925/926-yilda u yana Mosulni nazorat ostiga olgan. Abdulloh xalifalik qoʻshinlarining qudratli bosh qoʻmondoni Mu’nis al-Xodim bilan mustahkam aloqada boʻlgan va 929-yilda al-Muqtadirga qarshi qisqa muddatli toʻntarish harakatida (keyinchalik 932–934-yillarda xalifa boʻlgan al-Qohir foydasiga) yetakchi rol oʻynagan. Biroq bu harakat bostirilganida u halok boʻlgan. Tarixchi Marius Canardning taʼkidlashicha, Abdulloh Hamdoniylar sulolasining birinchi avlodidan boʻlgan eng nufuzli shaxs hisoblanib, u aslida Mosuldagi Hamdoniylar amirligiga asos solgan shaxs hamdir.
- Qirollik bilgiqutisida nomaʼlum parametrlar qoʻllangan sahifalar
- 10-asrda tugʻilganlar
- Mosulning Hamdoniy amirlari
- 10-asr Abbosiylar xalifaligi kishilari
- 10-asr arab shaxslari
