| Amir Najmiddin Yor Ahmad Huzoniy Isfahoniy | |
|---|---|
| Asl ismi | forscha: نجم ثانی |
| Taxallus(lar)i | Najmi Soniy |
| Tavalludi | XV asrning ikkinchi yarmi Isfahon, Oq qoʻyunlilar davlati |
| Vafoti | 1512-yil 12-noyabr Gʻijduvon, Shayboniylar davlati |
| Fuqaroligi | Safaviylar davlati |
| Unvoni | lashkarboshi |
| Qoʻmondonlik qilgan | Safaviylar davlati qoʻshinlari |
| Jang/urush | Shayboniylarning Xurosonga bosqinlari, Nasafni egallash, Gʻijduvon jangi |
Mir Amir Najmiddin Yor Ahmad Xuzoniy Isfahoniy (XV asrning ikkinchi yarmi, Isfahon — 1512-yil 12-noyabr, Gʻijduvon) — Najmi Soniy nomi bilan mashhur boʻlgan fors lashkarboshisi, Safaviylar sulolasidan boʻlgan Eron shohi Ismoil I Safaviyga xizmat qilgan. U Safaviylar davlati tarixidagi asosiy va nufuzli lashkarboshilardan biri boʻlgan.
Mir Najmiddin Xuzoniy XV asrning ikkinchi yarmida Isfahon shahrida, koʻzga koʻringan va maʼrifatparvar xuzoniylar oilasida tugʻilgan. Uning ukasi Mahmudbek Xuzoniy ham Isfahonda taniqli kishi boʻlgan. U yoshligidanoq harbiy ishlarga berilib, „Isfahoniy“ nisbasini olgan. Keyinchalik VII asrda yashagan, islomni zamonaviy Eron, Afgʻoniston va Oʻrta Osiyo hududlarida yoygan arab qoʻmondonining „Najmi Soniy“ (Ikkinchi Najm) laqabini olgan. 1509-yilda Ismoil Safaviyning ishonchli hokimi Mir Najm Zargar Gʻiloniy vafot etadi va uning oʻrniga Mir Najmiddin Xuzoniy (Najmi Soniy) tayinlanadi. Ismoil Safaviy faqat forszabon eronliklarni hokim qilib tayinlagan, garchi oʻzi turkiyzabon eronlik qizilbosh boʻlsa ham turkiyzabon harbiy boshliqlarga ishonmagan. Najmi Soniy Ismoil Safaviyning eng ishonchli qoʻmondonlaridan biri boʻlib, Eron shohi koʻpincha harbiy yurishlarga katta qoʻshin boshiga oʻzining oʻrniga Najmi Soniyni yuborgan. Najmi Soniy Xurosonni vaqti-vaqti bilan hujum qilayotgan oʻzbek-shayboniylardan himoya qilib, asosan Mashhadda boʻlgan.
Oʻsha davrda Movarounnahrda shayboniylar bilan temuriy Bobur oʻrtasida keskin kurash kechayotgandi. Bobur qisqa vaqt ichida Movarounnahrning katta qismini, jumladan, Buxoro va Samarqand shaharlarini qaytarib olgan, ammo mashhur „Ko‘li Malik jangi“ dan soʻng magʻlubiyatga uchrab, avval Samarqandga, soʻngra Hisorga qochib, Balx tomonga chekingan. Safaviylar va Shayboniylar ham bir-birlari bilan adovatda boʻlganliklari uchun Eron shohi Ismoil Safaviy vaziyatdan foydalanishga qaror qilib, Najmi Soniy boshchiligida 70 minglik qoʻshin joʻnatadi.
Qarshi qirgʻini
1512-yil kuzida Najmi Soniy boshchiligidagi Safaviy qoʻshinlari Jayhun daryosidan oʻtib Movarounnahrga bostirib kiradi. Hozirda Oʻzbekistonning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga qarashli katta hudud egallab olindi. Nasaf shahri Najmi Saniy qoʻshini tomonidan qamal qilingan, uch kundan keyin shahar aholisi va shaharni himoya qilayotgan qoʻshinlar taslim boʻlib, Najmi Soniy boshchiligidagi qoʻshinlar shaharga kirishgan. Nasaf aholisining aksariyati oʻldirilgan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, bu qirgʻinda 15 mingdan ortiq kishi, jumladan, bir qancha sayyidlar, shuningdek, shoir Kamoliddin Binoiy qatl etilgan. Birlashgan qoʻshinlar yana shimoli-gʻarbga, Buxoro tomon harakatlangan.
Gʻijduvon jangi
1512-yil noyabrda Buxorodan uncha uzoq boʻlmagan Gʻijduvonda Safaviy Eron qoʻshinlari bilan Shayboniy oʻzbeklari qoʻshini oʻrtasida mashhur „Gʻijduvon jangi“ boʻlib oʻtgan. Bu jangda Safaviylarni temuriy Bobur qoʻllab-quvvatlagan. Safaviylar qoʻshiniga Najmi Soniyning oʻzi, Shayboniylar qoʻshiniga Ubaydullaxon boshchilik qilgan. Bobur qoʻshinlari jangda faol qatnashganlar, biroq biroz vaqt oʻtib parokanda boʻlib, tasodifan eronliklarning orqa qismini ochiq tashlab ketishgan va oʻzbeklar esa bundan foydalanib, orqa tarafga oʻtib, Eron qoʻshiniga har tomondan zarbalar berishgan. Magʻlubiyatni anglagan Bobur Najmi Soniyga chekinishni va sogʻligʻini tiklash uchun Nasafga qaytishni taklif qiladi, biroq Safaviylar sarkardasi buni rad etib, oʻzbeklarning shiddatli hujumlariga qarshilik koʻrsatishda davom etadi. Bu orada Najmi Soniyning baʼzi qoʻmondon-sarkardalari oʻrtasida boʻlinish yuzaga kelgan, Safaviylarning bir qismi jangni davom ettirishdan bosh tortgan va bu jangning borishiga eronliklar foydasiga emas, aks taʼsir qilgan. Shiddatli jang safaviylarning toʻliq magʻlubiyati bilan yakunlanib, Najmi Soniy ogʻir yaralangan. Shayboniylar qoʻshinlari Najmi Soniyni qoʻlga oladi va Ubaydullaxonning buyrugʻi bilan qatl etiladi. Safaviy qoʻshinlarining bir qismi ham asirga olingan. Yoʻlboshchisiz qolgan omon qolgan Eron qoʻshinlari shiddat bilan janubi-gʻarbiy tomonga chekingan. Jayhundan shoshib oʻtib, Xurosonga qaytishgan. Bobur omon qolgan qoʻshini bilan chekingan. Shayboniylar nihoyat Movarounnahrda mustahkam oʻrnashib olishga muvaffaq boʻldilar.
Bu jang Safaviylar va Shayboniylar oʻrtasidagi qarama-qarshilikda katta rol oʻynagan. Movarounnahrning Eron Safaviylar saltanatiga qaram boʻlishining oldi olingan, shuningdek, Safaviylarning Movarounnahrda shialikni oʻrnatishiga toʻsqinlik qilgan.
Najmi Soniy vafotidan besh oy oʻtgach, uning oʻrniga Ismoil Safaviy Abdulboqi Yazdiyni lashkarboshi etib tayinlangan.
Adabiyotlar
- Newman, Andrew J.. Safavid Iran: Rebirth of a Persian Empire. I.B.Tauris, 2008 — 1–281-bet. ISBN 9780857716613.
- Savory, Roger. Iran under the Safavids. Cambridge University Press, 2007 — 1–288-bet. ISBN 978-0521042512.
- Buxoro viloyatida vafot etganlar
- Buxoro tarixi
- Safaviylar davlati vakillari
- 12-noyabrda vafot etganlar