| Madrasa | |
Matpanoboy madrasasi | |
![]() | |
| Matpanoboy madrasasining ichki hovlisi | |
| Mamlakat | |
| Hudud | Xorazm |
| Shahar | Xiva |
| Manzil | Ichan qalʼa MFY, Zargarlar koʻchasi, 25-uy |
| Maktab yoʻnalishi | sunniy |
| Mulkdor | Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
| Madrasa turi | Kichik |
| Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
| Meʼmor | Xudoybergan hoji va Qalandar Koʻchim |
| Binokorlik tashabbuschisi | Matpanoboy |
| Homiylar | Matpanoboy |
| Asosiy sana: 1905-yil | |
| Maqomi | davlat himoyasida |
| Umumiy maydoni | 25,45X24,5 m |
| Balandligi | 9 m |
| Hujralar soni | 10 dan ortiq |
| Qurilish materiali | Pishiq gʻisht |
Matpanoboy madrasasi – Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa 1905-yilda xivalik boy savdogar Matpanoboy mablagʻiga qurilgan. Uning qurilishida xivalik ustalardan Xudoybergan hoji va Qalandar Koʻchim ishtirok etgan. Madrasa bugungi kunda „Ichan qalʼa“ MFY, Zargarlar koʻchasi, 25-uyda joylashgan.
Matpanoboy madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozir „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi.
Tarixi
Matpanoboy madrasasi Ichan qalʼa markazidagi Juma masjidining chap tomonida joylashgan. Bu madrasa 1905-yilda xivalik eng boy savdogarlardan biri mablagʻi evaziga qurilgan. Madrasani xivalik ustalardan boʻlgan Xudoybergan hoji hamda Qalandar Koʻchim barpo qilgan. Binolar sharqiy tomonda joylashgan boʻlib, madrasaga janub tomondagi yoʻlakdan kirish mumkin.
Madrasada talabalar uchun oʻndan ortiq hujralar (xona), janubiy gumbaz ostida darsxona va masjid mavjud. Matpanoboyning avlodlari hozir Turkmanistonning Toshhovuz shahrida yashaydi.
2001-yil oktyabr oyida madrasada eng qadimiy kitoblardan hisoblangan Avesto kitobi paydo boʻlganining 2700 yilligiga bagʻishlangan „Avesto“ tarixi muzeyi koʻrgazmasi ochildi. Koʻrgazma qadimiy jahon dinlaridan biri boʻlmish Zardushtiylik va Avesto kitobining jahon madaniyati taraqqiyotidagi rolini ochib berdi.
Avesto nafaqat diniy qarashlar va tushunchalarni oʻzida mujassam etgan bebaho tarixiy asar, balki qimmatli tarixiy meros sifatida ilmiy va jahon jamoatchiligi tomonidan munosib yuksak baholangan noyob tarixiy manbadir. Shuni hisobga olib, UNESCO xalqaro tashkiloti 1999-yil noyabr oyida Parijda boʻlib oʻtgan 30-sessiyasida Avestoning 2700 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Yubiley tantanalari Avestoning vatani Oʻzbekistonda, toʻgʻrirogʻi Xorazmda boʻlib oʻtdi.
Hozir madrasa turistlarga xizmat koʻrsatish va koʻrgazma obyekti boʻlib, u yerda Avesto tarixi muzeyi faoliyat olib bormoqda.
Ayni paytda madrasada turkman xalqining buyuk shoiri Mahtumquli va mashhur qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻrgazmalar tashkil etilmoqda.
Avesto muzeyiga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo va umuman Sharq xalqlarining eng qadimiy tarixi, turmush tarzi, marosim va udumlari, maʼnaviy madaniyati, ilm-fani va boshqa sohalari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish mumkin.
Qurilish uslubi
Madrasa toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (25,45X24,5 m), bosh tarzi peshtoqli (balandligi 9 m), 3 gumbazli miyonsaroy, darsxona va masjiddan iborat. 2 yon qanoti burchaklariga guldasta ishlangan. Miyonsaroy 3 qismga ajratilgan, biridan ikkinchisiga ravoqlar orqali oʻtiladi. Hovli (19,5x S,6 m) atrofidagi hujralar oldi qator ravoqli, ayvonli. Matpanoboy madrasasi pishik gʻishtdan qurilgan, bezaksiz, faqat yogʻoch oʻymakorligida ishlangan eshigi va miyonsaroydagi ganchkori panjara oʻziga xos bezagi bilan ajralib turadi. 1977-yilda bosh tarzi oldi devor bilan oʻralib, kichik hovli qayta tiklangan.
Yana qarang
- Matniyoz Devonbegi madrasasi
- Matrasulboy Mirzaboshi madrasasi
- Yusuf yasovulboshi madrasasi
- Arab Muhammadxon madrasasi
- Muhammad Amin inoq madrasasi
Adabiyotlar
- Mankovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.
- Madrasalar alifbe boʻyicha
- Xorazm meʼmoriy yodgorliklari
- Xorazm madrasalari
- Oʻzbekiston meʼmoriy yodgorliklari
- Xiva
- Xorazm
