- Vikipediyada ismi Jahongir va familiyasi Ismoilov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
| Jahongir Xolmurodovich Ismoilov | |
|---|---|
| Tavalludi | 1952-yil 20-aprel Navoiy viloyati Qiziltepa tumani |
| Fuqaroligi | O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi |
| Sohasi | jurnalistika, adabiyotjurnalistika, nasr, nazm |
| Taʼlimi | Toshkent davlat universiteti |
| Mashhur sovrinlari | O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist (2002), “El-yurt hurmati” ordeni sohibi (2013). O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi (2002). O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi (2001). |
Jahongir Xolmurodovich Ismoilov (1952-yilda tug‘ilgan) — taniqli jurnalist va iste’dodli yozuvchi. O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi (2002).
Tarjimayi holi
1952-yil 20-aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Toshrabot mavzesining Oqrabot qishlog‘ida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi oilasida tavallud topgan. Beruniy va G‘afur G‘ulom nomli maktablarda o‘qigan. O‘rta maktabni tugatgandan so‘ng (1969), Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida o‘qiydi (1969—1975).
Mehnat faoliyatini Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning “Ilg‘or fan uchun” gazetasida muharrir vazifasida boshlagan (1974—1976). Uning asosiy jurnalistik faoliyati „Buxoro haqiqati“ (hozirgi „Buxoronoma“) viloyat gazetasida muxbir, muharrir, bo‘lim mudiri, O‘zbekiston radiosida adabiy-dramatik eshittirishlar bosh tahririyatida muharrir, „Buxoro muallimi“ gazetasining tashkilotchisi va muharriri, „Ma’rifat“ gazetasining Buxoro viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri bo‘lib ishlagan. „Buxoronoma“ va „Бухарский вестник“ viloyat gazetalari bosh muharriri sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limiga rahbarlik qilgan.
Adabiyotshunos olimlar G‘ayrat Murodov va Nafisa A’loyeva Jahongir Ismoilov ijodi haqida „Erkparvar ijodkor“ (2009) risolasini yozgan.
Asarlari
Jahongir Ismoilovning „Navqiron davra“ (jamoaviy to‘plam; 1984), „Dil izhori“ (hammualliflikda; 1987), „Yurtim tarovati“ (1989), „Sog‘inch“ (1995) kabi she’riy to‘plamlari, “Tutash taqdirlar” (1985), „Mashinasini o‘g‘irlatgan domla“ (1998), „Buyog‘i qandoq bo‘larkin?“ (2002), „So‘nggi manzil“ (2007), „Toshboy GAI hangomalari“ (2009), „Tanazzul“ kabi nasriy kitoblari nashr etilgan. „Yillar sabog‘i“ nomli asari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining „Adib va jamiyat“ rukni ostida chop etilgan (2022). U Buxoro viloyati ijodkor o‘qituvchilarining „To‘yona“ nomli bayozi (2001)ning tuzuvchisi va muharriri.
Mukofotlari
- O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist (2002);
- „El-yurt hurmati“ ordeni (2013);
- O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi (2001);
- Xalqaro „Oltin qalam“ milliy mukofoti (2008).
- Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari
- Oʻzbekistonlik yozuvchilar
- Oʻzbekistonlik jurnalistlar
- Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzolari
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalistlar
- El-yurt hurmati ordeni sohiblari
- Xalq taʼlimi aʼlochisi koʻkrak nishoni sohiblari