Ingliz-afgʻon urushlari — Buyuk Britaniyaning Afgʻonistonga qarshi mustamlaka bosqinchilik urushlari (1832-42, 1878-80, 1919). Birinchi I.-a. u. (1838—42) — inglizlar armiyasining asosiy kuchlari Qandahor va Gʻaznini egallab, Kobulga chiqish maqsadida Boʻlan yoʻlagi orqali Janubi Gʻarbiy Afgʻonistonga bostirib kirishi. Afgʻon qoʻshinlarini chalgʻitish maqsadida Peshovardan Xaybar dovoniga zarba berilgan. Afgʻonistonga bostirib kirgan inglizlar qoʻshinining umumiy soni 30 mingdan ortiq boʻlgan. Afgʻonlar qoʻshini 15 mingga yaqin jangchidan iborat boʻlib, qurol-aslaha jihatidan raqibidan ancha qoloq edi. 1839-yili ingliz qoʻshinlari Qandahor, Gʻazni va Kobulni egallashgan. Bunga javoban partizanlar urushi boshlangan. 1841-yil noyabrda Kobulda xalq qoʻzgʻolon koʻtargan. Inglizlar malayi Shujoʻ oʻldirilgan, Kobuldan chekinishga majbur boʻlgan ingliz armiyasi yakson qilingan. Garchi 1842-yil Angliya hukumati Afgʻonistonga jazo ekspeditsiyasi joʻnatgan boʻlsada, inglizlar oʻz magʻlubiyatlarini tan olishga majbur boʻlganlar va 1842-yil oxiriga kelib Afgʻonistonni tark etishgan. Ikkinchi I.-a.u. (1878—80) — ingliz qoʻshinlarining (36 ming kishi) uch kolonna boʻlib Afgʻonistonga (Xaybar, Kurram va Boʻlan yoʻlagi orqali) bostirib kirishi bilan boshlangan. Qoʻshin soni va qurollanish jixatidan raqibidan ancha ortda boʻlgan afgʻon armiyasi chekinishga majbur boʻlgan. 1879-yil 8-yanvarda ingliz qoʻshinlari Qandahorni egallagan. Afgʻoniston amiri Yoqubxon Angliya bilan Gandamak bitimini imzolagan, bunga qarshi mamlakatda xalq qoʻzgʻoloni boshlangan (1879-yil sentabr). Kobuldagi ingliz rezidenti Kavanyari 1879-yil 3-sentabrda oʻldirilgan. 1880-yil 27-iyulda Qandahor yaqinidagi Mayvand yonida boʻlgan jangda afgʻon qoʻshinlari inglizlar brigadasini tamoman tor-mor etganlar. Kobuldagi inglizlarni qoʻzgʻolonchilarning afgʻon, tojik va oʻzbeklardan tashkil topgan deyarli 100 ming kishilik armiyasi qamal qilgan. Afgʻoniston xalqlarining bosqinchilarga qahramonona qarshilik koʻrsatishi Angliya hukumatini Afgʻonistonni bosib olish va parchalab tashlash rejasidan voz kechishga va amir Abdurahmon bilan kelishuv shartnomasi tuzishga majbur qildi. Unga koʻra, Afgʻoniston ichki siyosatda mustaqil boʻlib, tashqi siyosatda Angliya nazorati ostida qolgan. Ingliz qoʻshinlari mamlakatni tark etganlar. Uchinchi I.-a.u. (1919-yil may) — amir Omonullaxon Afgʻoniston mustaqilligini eʼlon qilishi bilan Angliya tomonidan boshlangan. 3-mayda urush xarakatlari boshlangan. 6-mayda Angliya Afgʻonistonga urush eʼlon qilgan. Afgʻon muntazam qoʻshinlari (40 ming kishi) Xaybar, Vaziriston va Qandahor yoʻnalishlarida harakat qiluvchi 3 kolonnaga boʻlingan. Qoʻshin soni (deyarli 340’ming kishi) va texnikaviy ustunlik Angliya tomonida boʻlgan. Garchi Xaybar yoʻnalishida inglizlar muvaffaqiyatga erishgan boʻlsalarda, lekin ular Vaziristonda magʻlubiyatga uchraganlar, afgʻon qoʻshinlari 1919-yil 27-mayda Tol qalʼasini egallashgan. Vaziristonda chegara hududlarida yashovchi pushtunlarning inglizlarga qarshi yalpi qoʻzgʻoloni boshlangan. Mana shu holat hamda Hindistondagi inqilobiy koʻtarilish (1918-yili boshlangan) Angliyani urushni davom ettirishdan voz kechishga majbur etdi. 1919-yil 8-avgustda Ravalpindi shahrida dastlabki (preliminar) sulh bitimi tuzilib, u 1921-yil 22-noyabrda Kobulda ratifikatsiya qilingan. Bitimga koʻra, Angliya Afgʻonistonning toʻla mustaqilligini tan olgan.
Ingliz-afgʻon urushlari — Buyuk Britaniyaning Afgʻonistonga qarshi mustamlaka bosqinchilik urushlari (1832-42, 1878-80, 1919). Birinchi I.-a. u. (1838—42) — ing