Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Diyora Baxtiyor qizi Keldiyorova (1998-yil 13-iyul, Juma, Pastdargʻom tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik dzyudochi. Oʻzbekistonda xizmat

Diyora Keldiyorova

Diyora Baxtiyor qizi Keldiyorova (1998-yil 13-iyul, Juma, Pastdargʻom tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik dzyudochi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi. 52 kg gacha vazn toifasida XXXI Yozgi Olimpiada oʻyinlari ishtirokchisi, ikki karra Osiyo chempioni, Yozgi Osiyo oʻyinlari chempioni, uch karra Jahon chempionati sovrindori. 2024-yil Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Dyuzdo sport turining 52 kg vazn toifasida oltin medal sohibasi. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi katta leytenanti.

Diyora Keldiyorova
Diyora Keldiyorova at the 2024 Summer Olympics 02.jpg
Shaxsiy maʼlumotlari
Jinsi ayol
Taxallusi/Laqabi Diya
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Tavallud sanasi 13-iyul 1998-yil (1998-07-13) (27 yosh)
Juma, Pastdargʻom tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston
Boʻyi 150 sm
Vazni 52 kg
Turmush oʻrtogʻi Azamat Matyoqubov
Bolalari 1
Mukofotlar

|Oʻzbekiston iftixori

|
Sport
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Qaysi sport dzyudo
Murabbiy(lar)i Xurshida Xoliqova
Nelli Kiyamova
Marko Spittka
Sport mukofotlari
Yozgi Olimpiada oʻyinlari
Oltin Parij 2024 52 kg
Jahon chempionati
Kumush Abu-Dabi 2024 52 kg
Kumush Doʻha 2023 52 kg
Bronza Budapesht 2021 aralash jamoa
Yozgi Osiyo oʻyinlari
Oltin Xanchjou 2023 52 kg
Kumush Xanchjou 2023 aralash jamoa
Osiyo chempionati
Oltin Nursulton 2022 52 kg
Oltin Fujayra 2019 52 kg
Kumush Bishkek 2021 52 kg
Bronza Hong Kong 2024 52 kg
„Katta dubulgʻa“ turniri
Oltin Boku 2024 52 kg
Oltin Tbilisi 2023 52 kg
Oltin Boku 2022 52 kg
Oltin Ulan-Bator 2022 52 kg
Oltin Antaliya 2021 52 kg
Kumush Abu Dabi 2022 52 kg
Kumush Antaliya 2022 52 kg
Bronza Ulan-Bator 2023 52 kg
„Gran-Pri“ turniri
Oltin Odivelas 2024 52 kg
Kumush Toshkent 2016 52 kg
Butunjahon Yozgi Universiada oʻyinlari
Bronza Neapol 2019 52 kg
Butunjahon harbiy oʻyinlar
Bronza Uxan 2019 52 kg
Islom birdamlik oʻyinlari
Oltin Koʻniya 2022 52 kg

Hayoti

Diyora Keldiyorova 1998-yil 13-iyulda Pastdargʻom tumani, Juma shahrida tugʻilgan. Keldiyorovani ota-onasi baletga berishmoqchi boʻlgan, ammo buvisi Gulsara Quvondiqova tufayli dzyudo sportiga kirib kelgan. 6 yoshidan murabbiy Xurshida Xoliqova qoʻl ostida dzyudo bilan shugʻullana boshlagan. Diyora Keldiyorova Pastdargʻom politexnika kasb-hunar kollejida, soʻngra Samarqand davlat universitetida tahsil olgan.

Oilasi

Otasi Baxtiyor Mardonov Juma paxta tozalash zavodi ishchisi, onasi Dilorom Sharipova tumandagi 19-maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyachisi. Singlisi Gulniso, ukalari Quvondiqbek, Ogʻabek. Turmush oʻrtogʻi dzyudochi Azamat Matyoqubov (1996-yil 19-aprel). Ular 2022-yilda turmush qurishgan. 2025-yil 22-avgustda qiz farzandli boʻlishgan.

Faoliyati

 
Diyora Keldiyorova 2024-yilgi Jahon chempionatida

Diyora Keldiyorova 2010-yilda ilk marotaba Oʻzbekiston chempioni boʻlgan. 2013-yilda Oʻzbekiston terma janoasiga qabul qilingan va shu yilda Xitoyning Nankin shahrida boʻlib oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlarida 44 kg gacha vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritgan. 2016- va 2018-yillarda dzyudo boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida bronza medali sohibi boʻlgan.

2018-yilda Indoneziyaning Jakarta shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Osiyo oʻyinlarida 48 kg gacha vazn toifasida ishtirok etib, ikkinchi davrada yaponiyalik Olimpiada sovrindori Ami Kondoga 10:0 hisobida magʻlub boʻlgan. Ami Kondo gʻolib sifatida finalga yetib borgach, Keldiyorova yana bahslarda qatnashib, koreyalik dzyudochi Jon Yu Sunga qarshi kuch sinashgan. 1:10 hisobida magʻlub boʻlgach, turnirdagi ishtirokini yakunlaydi.

2019-yilda BAAning Fujayra shahrida oʻtkazilgan dzyudo boʻyicha Osiyo chempionatida 52 kg gacha boʻlgan vazn toifasida turnir finaliga qadar yetib kelgan. Finalda moʻgʻulistonlik dzyudochi Lkhagvasurengiin Sosorbaramni magʻlubiyatga uchratib, oltin medalni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, Italiyaning Neapol shahrida boʻlib oʻtgan yozgi Universiadada 52 kg vazn toifasida bronza medali sohibi boʻlgan. Xitoyning Uxan shahrida boʻlib oʻtgan butunjahon harbiy oʻyinlarida bronza medaliga ega chiqqan.

Diyora Keldiyorova 2021-yilda Turkiyaning Antaliya shahrida dzyudo boʻyicha „Katta dubulgʻa“ turkumiga kiruvchi turnir finalida ispaniyalik Estrella Lopesni magʻlub etgan. Ushbu gʻalaba tufayli Diyora Keldiyorova dzyudo boʻyicha „Katta dubulgʻa“ turkumiga kiruvchi turnirda oltin medalni qoʻlga kiritgan birinchi oʻzbek qiziga aylangan.

Qirgʻizistonning Bishkek shahrida dzyudo boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 52 kg gacha boʻlgan vazn toifasida finalda koreyalik dzyudochi Park Da-Solga yutqazib qoʻygan va kumush medalni qoʻlga kiritgan. 2021-yil iyul oyida Vengriyaning Budapesht shahrida dzyudo boʻyicha boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida Keldiyorova jamoaviy chempionatda bronza medalini qoʻlga kiritgan. 52 kg gacha vazn toifasida bronza uchun kurashda isroillik dzyudochi Gefen Primoga 10:0 hisobida yutqazgan. Tokiodagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Keldiyorova birinchi raundda moʻgʻulistonlik dzyudochi Lkhagvasuren Sosorbaramga imkoniyatni boy bergan.

2023-yilning may oyida Qatar poytaxtida boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida 52 kg gacha boʻlgan vazn toifasida oʻzbekistonlik dzyudochi finalda yaponiyalik sportchi Uta Abega yutqazib, kumush medalni qoʻlga kiritgan. 2024-yilning aprel oyida dzyudo boʻyicha Osiyo chempionatida Diyora Keldiyorova bronza medali uchun kurashda janubiy koreyalik Yerin Jungni yengib, bronza medaliga sazovor boʻlgan. 2024-yilning 20-may kuni Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtgan Olimpiada oʻyinlari oldidan Jahon chempionatida Diyora finalda italiyalik sportchi Odetta Giuffridaga imkoniyatni boy berib, kumush medalga ega chiqdi.

 
Diyora Parij 2024da oltin medal bilan taqdirlanish jarayoni.

Parij 2024

Diyora Keldiyorova 2024-yilning 28-iyul kuni Parijdagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida 1/16 finalda ippon bahosi bilan (10:1) yaponiyalik Uta Abeni magʻlub etdi. Finalda Keldiyorova kosovolik sportchi Distriya Krasnichini magʻlub etib, Olimpiya chempioni boʻldi.

Diyora Keldiyorova ayollar oʻrtasida dzyudo boʻyicha jahon chempionatida kumush medal hamda yozgi olimipada oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik ayol hisoblanadi.

Diyora Keldiyorova 2024-yilda Oʻzbekiston Raspublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakil etib tayinlandi.

Unvon va mukofotlari

Diyora Keldiyorova quyidagi unvon va mukofotlar bilan taqdirlangan:

  • Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi faxriy unvoni (2023);
  • Leytenant harbiy unvoni (2022);
  • Kelajak bunyodkori medali (2021);
  • Zulfiya nomidagi davlat mukofoti (2016).
  • „Oʻzbekiston iftixori“ faxriy unvoni (2024).
  • Katta leytenant harbiy unvoni (2024-yil)
  • Toʻmaris koʻkrak nishoni (2024-yil).
Yuqori