Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Avstraliya gerbi, rasman Ittifoq gerbi — Avstraliya Ittifoqining rasmiy ramzidir. Unda Avstraliyaning oltita shtati ramzlari tushirilgan qalqon tasvirlangan boʻ

Avstraliya gerbi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Avstraliya Ittifoqi gerbi
Armiger Avstraliya Ittifoqi
Qabul qilingan 1912-yil 19-sentyabr
Tojbezak Hamdoʻstlik yulduzi: yetti qirrali tillarang yulduz
Burlet tillarang va lojuvard
Tavsifi qarang
Tutib turuvchilar Qizil kenguru (chapda), emu (oʻngda)
Gerb dizayni mavjud emas
Shiori yoʻq
Avvalgi versiya(lar) 1908–1912-koʻrinishi

Avstraliya gerbi, rasman Ittifoq gerbi — Avstraliya Ittifoqining rasmiy ramzidir. Unda Avstraliyaning oltita shtati ramzlari tushirilgan qalqon tasvirlangan boʻlib, qalqonni Avstraliyaga xos — kenguru va emu ushlab turadi. Gerb tepasidagi yetti qirrali Hamdoʻstlik yulduzi shtatlar va hududlar sonini anglatadi, qalqon ostida esa mamlakatning milliy oʻsimlik ramzi boʻlgan oltin akatsiya tasvirlangan.

Dastlabki gerb Edward VII tomonidan 1908-yil 7-mayda tasdiqlangan. Hozirgi koʻrinishdagi gerb esa George V tomonidan 1912-yil 19-sentyabrda tasdiqlangan. Shunga qaramay, 1908-yildagi gerbdan ayrim hollarda foydalanishda davom etilgan, xususan olti pensalik tangalarning orqa tomonida tasvirlangan.

Dizayni

Qalqon

Gerdagi qalqon

Gerbning markaziy qismi boʻlgan qalqonda Avstraliyaning oltita shtatini ifodalovchi oltita boʻlim joylashgan. Qalqon atrofi oq-qora latcha terisihoshiyasi bilan oʻralgan boʻlib, Avstraliya tojining umumiy hokimiyatini anglatadi hamda qalqonni alohida ramzlar yigʻindisi emas, yagona timsol oʻlaroq birlashtiradi.

Tarixchi Bruce Baskervillega koʻra, gerb Avstraliya konstitutsiyasi muqaddimasidagi gʻoyalarni aks ettiradi. Shtatlar aholisi ularning gerblari orqali, federatsiya esa qalqon qismlarining teng taqsimlanishi orqali ifodalangan. latcha terisihoshiyasi esa tojni anglatadi. Gerbdagi davlat hokimiyati Hamdoʻstlikning mavhum, biroq cheklangan ommaviy hokimiyatini hamda uning xalq, toj va konstitutsiya uygʻunligidagi mujassamligini ifodalaydi.

Qalqonning yuqori qismida chapdan oʻngga Yangi Janubiy Uels, Viktoriya va Kvinslend shtatlari ramzlari tasvirlangan. Pastki qismida esa Janubiy Avstraliya, Gʻarbiy Avstraliya va Tasmaniya ramzlari joylashgan.

Hamdoʻstlik yulduzi

Qalqon tepasida koʻk va oltinrang chambar ustida joylashgan yetti qirrali Hamdoʻstlik yulduzi yoki Ittifoq yulduzi tasvirlangan. Yulduzning olti qirrasi Avstraliyaning dastlabki oltita shtatini, yettinchi qirrasi esa hududlarni anglatadi.

Tayanch hayvonlar

Qalqonni ushlab turgan qizil kenguru va emu hech qachon mamlakatning rasmiy ramzlari sifatida eʼlon qilinmagan. Ular norasmiy ravishda tan olingan boʻlib, bunga ushbu hayvonlarning faqat Avstraliyaga xosligi va mamlakatning eng mashhur endemik hayvonlari ekani sabab boʻlgan. Shuningdek, ular oldinga harakat va taraqqiyot ramzi sifatida talqin qilinadi, chunki bu hayvonlar orqaga yurishga moslashmagan deb hisoblanadi.

Fon

Gerb fonida Avstraliyaning rasmiy milliy gulli timsoli boʻlgan oltin akatsiya chambari tasvirlangan, biroq undagi tasvir botanika jihatidan aniq emas. Pastki qismda mamlakat nomi yozilgan lenta mavjud. Ushbu unsurlar odatda gerb bilan birga tasvirlansa-da, qirollik farmonida ular haqida aniq koʻrsatma berilmaganligi sababli texnik jihatdan majburiy hisoblanmaydi.

Shtat Nishon Tavsif
Yangi Janubiy Uels Avliyo Georgiy xochi arslon va yulduzlar bilan
Viktoriya Avliyo Edward toji va Janubiy but
Kvinslend moviy Malta xochi va Avliyo Edward toji
Janubiy Avstraliya Avstraliya qargʻasi
Gʻarbiy Avstraliya qora oqqush
Tasmaniya qizil tusli sher

Blazon

Hamdoʻstlik gerbining rasmiy geraldik tavsifi 1912-yil 19-sentyabrda George V tomonidan chiqarilgan qirollik farmonida keltirilgan. Unda qalqonning har bir qismi, yulduz, toj, tayanch hayvonlar va boshqa unsurlar geraldika qoidalari asosida batafsil tasvirlangan.

1908-yildagi dastlabki gerb tavsifi ham alohida blazon shaklida berilgan boʻlib, unda Janubiy Xoch yulduz turkumi, Avliyo Georgiy xochi, yetti qirrali yulduz hamda „Advance Australia“ shiori tushirilgan.

Tarixi

Kriketchilarning yashil kepkasida tasvirlangan Avstraliyaning norasmiy mustamlaka gerbi.
Avstraliya Ittifoqi gerbi (1908–1912)
Qabul qilingan 1908-yil 7-may
Voz kechdi 1912-yil 19-sentyabr
Tojbezak Hamdoʻstlik yulduzi
Burlet lojuvard va kumushrang
Tavsifi Gerb yuqori qismida Hamdoʻstlik yulduzi. Unga tayanch qalqonda esa Avliyo Georgiy xochik aks etgan. Qalqonni chapda qizil kenguru, ong tomonda esa emu tutib turibdi. Kompozitsiya maysazor ustidadir. Uning ostidagi lentaga esa „Advance Australia“ shiori bitilgan
Tutib turuvchilar qizil kenguru hamda emu
Gerb dizayni maysali
Shiori Advance Australia

1820-yillarga kelib, oltin jun, kema, langar va bugʻdoy tasvirlangan qalqondan iborat norasmiy gerb sharqiy Avstraliya koloniyalarida keng qoʻllanila boshlagan. Uni kenguru va emu ushlab turgan boʻlib, pastida „Advance Australia“ shiori yozilgan edi. Ushbu ramz binolar va shaxsiy buyumlarda Avstraliya timsoli sifatida ishlatilgan. Keyinchalik u Yangi Janubiy Uels, Melburn va Adelaida gerblariga asos boʻlgan. Mazkur gerb kamida 1899-yildan boshlab Avstraliya kriket jamoasining yashil kepkalarida ham qoʻllanilgan va hozirgacha saqlanib qolgan.

1908-yilgi gerb

Avstraliya Ittifoqi tuzilgach, mamlakatning ilk rasmiy gerbi Wilson Dobbs tomonidan ishlab chiqilgan va Edward VII tomonidan 1908-yil 7-mayda tasdiqlangan.

Bowman yaratgan bayroq

Gerb markazidagi qalqon tepasida chambar ustiga joylashtirilgan yetti qirrali yulduz tasvirlangan edi. Qalqonni kenguru va emu ushlab turgan boʻlib, emu oyogʻi bilan kanguruga yordam berib turgan holatda aks ettirilgan. Bularning barchasi „Advance Australia“ shiori yozilgan lenta bilan bezatilgan yashil maysa ustida joylashgan edi. Ushbu shior avvalgi mustamlaka gerblarida ham qoʻllanilgan.

Qalqon oq fondan iborat boʻlib, unda qizil Avliyo Georgiy xochi, uning atrofiga koʻk chiziqlar va oltita shtatni ifodalovchi qizil chevronli oltita kichik qalqon joylashtirilgan edi. Ushbu gerb hukumat tomonidan ishlatilgan hamda 1910–1963-yillarda olti pensalik tangalarda, 1910–1936-yillarda esa uch pensalik, shilling va florin tangalarida bosilgan.

Gerb tasdiqlanishidan oldin ham bahs-munozaralarga sabab boʻlgan. Shotlandiya vatanparvarlari uyushmasi qalqondagi Avliyo Georgiy xochi tasviriga qarshi chiqib, unda shotland va irland xalqlari ramzlari ham boʻlishi kerakligini taʼkidlagan. Shuningdek, Shotlandiya va Irlandiya geraldlari bilan maslahatlashilmagani tanqid qilingan. Ayrim tashkilotlar gerbni toʻliq qayta ishlab chiqish yoki unda faqat Avstraliyaga xos timsollardan foydalanishni talab qilgan.

Yangi Janubiy Uels gerbi muallifi William Gullick keyinchalik 1805-yildagi Bowman bayrogʻiga eʼtibor qaratgan. Uning fikricha, norasmiy mustamlaka gerblari aynan shu bayroqdan kelib chiqqan. Bayroqda atirgul, sebarga va qariqiz tasvirlari kenguru hamda emu tomonidan ushlab turilgan edi. Shundan soʻng Gullick bosh vazir topshirigʻi bilan gerbni qayta ishlab chiqishga jalb etilgan.

1912-yilgi gerb

1908-yildagi gerb 1911-yilda qayta ishlangan va yangi koʻrinishdagi gerb George V tomonidan 1912-yil 19-sentyabrda rasman tasdiqlangan. Yangi gerb parlamentda ham qizgʻin bahslarga sabab boʻlgan. Wentworth okrugi deputati Willie Kelly kenguru va emu geraldika anʼanalariga mos kelmasligini aytib, ularni „Avstraliya yovvoyi tabiatining gʻalati mavjudotlari“ deb atagan.

Shunga qaramay, kenguru va emu gerbda saqlab qolingan, biroq ular yanada tabiiyroq koʻrinishda qayta chizilgan. Avstraliya shtatlari alohida ifodalanmagan degan tanqidlarni bartaraf etish uchun qalqonda har bir shtatning geraldik nishoni aks ettirilgan. Shuningdek, eski gerbga qaratilgan shotlandiyaliklar tanqidlarini yumshatish maqsadida latcha terisi hoshiyasi qoʻshilgan.

Yangi gerbda qalqon ostidagi yashil maysa olib tashlangan va lentadagi yozuv shunchaki „Australia“ shakliga oʻzgartirilgan. Chambardagi ranglar ham koʻk-oqdan koʻk-oltin rangga almashtirilgan. Gerb ortiga ikki shox oltin akatsiya qoʻshilgan boʻlsa-da, bu unsur hech qachon gerbning rasmiy qismi hisoblanmagan. Keyinchalik, 1988-yil 19-avgustda oltin akatsiya Avstraliyaning milliy guli deb eʼlon qilingan.

Har bir shtat nishonidan foydalanish anʼanasi ilk bor 1904-yil 21-yanvarda joriy etilgan Buyuk Avstraliya muhrida paydo boʻlgan. Charles R. Wyliega koʻra, Janubiy Avstraliya va G‘arbiy Avstraliya hali oʻz gerbiga ega boʻlmagani sababli ularning nishonlari ishlatilgan.

1954-yilgi qayta ishlash taklifi

Eileen Mayo gerbi (1955)

1954-yilda rassom Daryl Lindsay gerbni „badiiy jihatdan muvaffaqiyatsiz“ deb baholaganidan soʻng, Menzies hukumati uni qayta ishlab chiqish imkoniyatlarini koʻrib chiqqan. Bir necha rassomlar, jumladan Alistair Morrison, Alfred Cook, Cedric Emanuel va Eileen Mayo yangi loyiha ustida ishlashga jalb etilgan.

Hukumat gerbning asosiy unsurlarini oʻzgartirmoqchi boʻlmagan, biroq unga toj qoʻshish va oltin akatsiya tasvirini olib tashlashni maqsad qilgan. Deputat Bill Taylor esa gerbni 1921-yildagi Kanada qirollik gerbiga oʻxshash shaklda qayta tasdiqlashni taklif etgan. 1955-yilda maxsus qoʻmita Eileen Mayo loyihasini maʼqullagan, unda toj va aborigen qalqoni mavjud edi, biroq yakunda hech qanday oʻzgarish kiritilmagan

William Gullick tomonidan taklif etilgan toʻrt variant. Oxir-oqibat yuqori oʻng versiyaning oʻzgartirilgan versiyasi tanlandi.

Qoʻllanilishi

Parlament binosida metaldan ishlangan gerb tasviri.

Ittifoq gerbi Avstraliya Ittifoqning rasmiy ramzi boʻlib, Hamdoʻstlik hokimiyati va mulkini anglatadi. Gerbdan Avstraliya hukumatining vazirlik va agentliklari, qonuniy hamda qonuniy boʻlmagan idoralari, parlament, Hamdoʻstlik sudlari va tribunalari foydalanadi. Shuningdek, Avstraliya parlamentining senatorlari va federal deputatlari ham uni oʻz vakolatlari doirasida qoʻllashi mumkin.

Gerbdan Ittifoq tomonidan rasmiy kafolat, homiylik yoki qoʻllab-quvvatlash mavjud degan notoʻgʻri taassurot uygʻotadigan holatlarda foydalanish taqiqlanadi. Xususiy shaxslar va tashkilotlarga undan foydalanishga kamdan-kam hollarda ruxsat beriladi, biroq sport tashkilotlari hamda taʼlimiy nashrlar uchun ayrim istisnolar mavjud. Masalan, gerb Avstraliya Olimpiya jamoasi va Avstraliya milliy ayollar futbol terma jamoasi formalarida foydalanilgan.

Ruxsatsiz gerbdan foydalanish 2010-yildagi Raqobat va isteʼmolchilar toʻgʻrisidagi qonun, 1995-yildagi Jinoyat kodeksi toʻgʻrisidagi qonun yoki 1995-yildagi Savdo belgilari toʻgʻrisidagi qonunni buzish hisoblanishi mumkin. Gerb tushirilgan mahsulotlarni mamlakatga olib kirish ham bojxona qoidalariga koʻra noqonuniy hisoblanadi.

Gerbning toʻliq rangli talqini mavjud boʻlib, undan tashqari bir rangda tasvirlash uchun geraldika qoidalariga mos keluvchi toʻqqizta rasmiy variant ishlab chiqilgan.

Gerb Charles IIIning Avstraliya uchun shaxsiy bayrogʻida asosiy oʻrinni egallaydi. 1973-yildan buyon esa uning biroz oʻzgartirilgan koʻrinishi Avstraliya Buyuk muhri asosida qoʻllanib kelmoqda.

Gerb XX asr boshlarida Avstraliya funti tangalari zarb qilina boshlagan davrdan buyon tangalarda foydalaniladi. 1936-yilgacha 1908-yildagi gerb muntazam muomaladagi barcha kumush tangalarning orqa tomonida joylashgan edi. 1936-yildan keyin hozirgi gerb florin tangasining orqa tomonida paydo boʻlgan, eski gerb esa olti pensalik tangada saqlanib qolgan. 1966-yildagi oʻnlik tizimiga oʻtilgach, amaldagi gerb 50 sentlik tangalarning ikkala turida ham tasvirlana boshlagan.

Gerbdan harbiy unvon belgisi sifatida ham foydalaniladi. Avstraliya armiyasidagi birinchi toifali uorent-ofitser, dengiz floti uorent-ofitseri va havo kuchlari uorent-ofitseri unvonlari nishoni hisoblanadi. Yanada soddalashtirilgan koʻrinishi esa dengiz floti bosh uorent-ofitseri, armiya polk-serjant-mayori va havo kuchlari bosh uorent-ofitseri unvonlari uchun qoʻllanadi.

Baʼzan avstraliyaliklar oʻz gerbida tasvirlangan hayvonlarni isteʼmol qiladigan yagona xalq sifatida notoʻgʻri talqin qilinadi. Kenguru va emu goʻshti birgalikda ishlatilgan taomlar, masalan pirog yoki pitsa, norasmiy ravishda „gerb“ deb ataladi.

Shtat va hududlar gerblari

Yangi Janubiy Uels Viktoriya Kvinslend
Janubiy Avstraliya Gʻarbiy Avstraliya Tasmaniya
Avstraliya poytaxt hududi Shimoliy mintaqa Norfolk oroli

Shahar gerblari

Gerb tasvirlangan tangalar

Yuqori