Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Adiblar xiyoboni — Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻ hududidagi xiyobon. Hududi 8 gektardan ortiq.

Adiblar xiyoboni

Adiblar xiyoboni
Adiblar xiyoboni
Joylashuvi Chilonzor tumani, Toshkent shahri, Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°18′10″N 69°14′08″E / 41.30267480869156°N 69.23558838385217°E / 41.30267480869156; 69.23558838385217
Turi xiyobon
Asosiy sanalar 2017, 2020
Map
Adiblar xiyoboni xaritada
Adiblar xiyoboni Vikiomborda

Adiblar xiyoboni — Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻ hududidagi xiyobon. Hududi 8 gektardan ortiq.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Toshkent muzeyi ham Adiblar xiyobonida joylashgan.

Tarixi

2017-yil 3-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy bogʻga kelganda Adiblar xiyoboni barpo etilishi boʻyicha taklif berdi. 2017-yil 18-aprel kuni PQ-2894 sonli qarori qabul qilindi.

2020-yil 20-mayda xiyobon Shavkat Mirziyoyev ishtirokida rasman ochildi.

Adiblar xiyobonidagi haykallar dastlab gipsdan ishlanib, oʻrnatilgan. 2020-yil oktyabr va noyabr oylarida 11 ta haykal bronza variantiga almashtirilgan. Maqsud Shayxzoda haykali boshidan bronzadan yasalib, oʻrnatilgan. Gips haykallar 2021-yil 11-fevral kuni Badiiy akademiya tomonidan olib ketilgan va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Haykaltaroshlik yoʻnalishi talabalariga koʻrgazmali qurol sifatida foydalanish uchun berilgan.

Xiyobondagi yodgorliklar

Xiyobon rasman ochilgan vaqtda unda 25 nafar yozuvchi va shoir haykali oʻrnatilgan. Bular, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Furqat, Muhammad Rizo Ogahiy, Muqimiy, Berdaq, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Toʻlepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, Aleksandr Faynberg, Muhammad Yusuf.

Xiyobonda oʻrnatilgan birinchi haykal Alisher Navoiy haykali boʻlib, u 1991-yilda barpo etilgan. Keyinchalik 2007-yili Abdulla Qahhor, 2010-yili Oybek, 2013-yili Said Ahmad va Saida Zunnunova xotiralariga bagʻishlab yodgorlik majmualari oʻrnatilgan.

2017-yilning noyabr-dekabr oylariHamid Olimjon haykali Mirzo Ulugʻbek tumani Hamid Olimjon metro bekati oldidagi maydondan, Gʻafur Gʻulom haykali Chilonzor tumani Gʻafur Gʻulom nomidagi madaniyat va istirohat bogʻidan, Zulfiya haykali Oʻzbekiston Davlat Sanʼat muzeyi yonidagi xiyobondan Adiblar xiyoboniga koʻchirib keltirilgan.

PQ-2894-sonli qarorda Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf haykallari barpo etilishi koʻzda tutilgan.

2020-yil yanvarda yana 11 nafar mutafakkir — Bobur, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Abdulla Avloniy, Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Ibroyim Yusupov, Toʻlepbergen Qayipbergenov, Aleksandr Faynberglar haykallari ham barpo etilishi maʼlum boʻldi. Yakuniy roʻyxatga Berdaq va Maqsud Shayxzoda haykallari ham kiritilgan va xiyobon hozirgi koʻrinishni olgan.

Xiyobondagi haykallar 2019-yilgi Vazirlar Mahkamasining 846-sonli qarori bilan arxitektura yodgorligi sifatida Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.

Transport vositalari

Adiblar xiyoboniga eng yaqin metro bekati Chilonzor yoʻlining Milliy bogʻ bekatidir. Shuningdek, 13, 56, 84, 150 yoʻnalishli avtobuslar hamda 4i, 12i, 40i, 182m yoʻnalishli taksilar orqali borish mumkin.

Toshkent muzeyi

Toshkent muzeyi sobiq Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati koʻrgazmasi binosida joylashgan. Ushbu bino Yozuvchilar uyushmasi tasarrufiga oʻtkazilgan.

Yozuvchilar uyushmasi binosi

Adiblar xiyoboni hududida 2017-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi bino qurilishi boshlangan va dekabr oyida foydalanishga tayyor holatga keltirilgan.

Yuqori